Keyboard shortcuts

Press or to navigate between chapters

Press S or / to search in the book

Press ? to show this help

Press Esc to hide this help

Tinish belgilari haqida

Quyidagi qoidalar Unicode yordamida matn terishda tinish belgilaridan toʻgʻri foydalanishga qaratilgan.

Brend nomlari va oʻzlashgan atamalar

Bu qoida xalqaro tashkilotlar, savdo belgilari (brendlar) nomlari hamda oʻzbek tiliga oʻzlashtirilgan, ammo transliteratsiya qilinmagan barcha chet tili atamalari uchun amal qiladi.

1. Asl yozuvni saqlash qoidasi

Global kontekstda tanish boʻlgan yoki maxsus maʼnoni anglatuvchi xalqaro nomlar va ayrim oʻzlashgan atamalar original (ingliz, ispan, fransuz va h.k.) yozilishi boʻyicha qabul qilinadi.

  • Brendlar va Atoqli nomlar: Windows, Xerox, SpaceX, Canon.

  • Oʻzlashgan Atamalar (Transliteratsiya qilinmagan): Wi-Fi, HTTP, GitHub.

2. Qoʻshimchalar qoʻshish (tutuq belgisi orqali)

Agar asl lotin yozuvida saqlab qolingan bunday xorijiy nomlar yoki atamalarga oʻzbek tilidagi qoʻshimchalar (masalan, -dan, -ga, -ning, -ni, -da) qoʻshiladigan boʻlsa, qoʻshimchadan oldin tutuq belgisi (ʼ, U02BC) qoʻyilishi shart.

Tutuq belgisi xizmati: Bu belgi xorijiy oʻzakni oʻzbekcha qoʻshimchadan vizual ravishda ajratish va maʼnoni farqlash uchun xizmat qiladi.

Asl soʻzQoʻshimcha bilan yozilishi
WindowsWindowsʼdan
XeroxXeroxʼga
CanonCanonʼning
Wi-FiWi-Fiʼda
GitHubGitHubʼga

3. Talaffuz shaklidan foydalanish (Ixtiyoriy)

Agar xalqaro nomning oʻzbek tilida anʼanaviy talaffuz shakli yoki muqobil (transliteratsiya qilingan) nomi keng qoʻllanilsa, bu nomlarga nisbatan ikki xil yozuvga ruxsat beriladi:

  • Asl shakli: Qoʻshimchalar tutuq belgisi orqali qoʻshiladi.

  • Talaffuz (Transliteratsiya) shakli: Qoʻshimchalar tutuq belgisidan foydalanmasdan, odatdagi oʻzbek imlo qoidalariga koʻra qoʻshiladi.

Xalqaro NomAsl yozuviTalaffuz (Transliteratsiya) yozuvi
UNICEFUNICEFʼningYUNISEFning
UNESCOUNESCOʼgaYUNESKOga

Qoʻshtirnoqlar

Ingliz tilida raqamli muhitda standart klaviaturadagi “ (qoʻshtirnoq) va ’ (yakka tirnoq) belgilaridan foydalanish odatiy hol. Oʻzbek tilida esa, imlo qoidalari boshqacha boʻlib, matbuot va rasmiy hujjatlarda quyidagi qoʻshtirnoqlardan foydalaniladi.

Lotin oʻzbek yozuvi: Lotin alifbosidagi oʻzbek tilida “…” (inglizcha “dubl-sferik” qoʻshtirnoqlar) asosiy (tashqi) qoʻshtirnoqlar hisoblanadi. Matn ichida, yaʼni qoʻshtirnoqlar ichida boshqa bir soʻz yoki gap qoʻshtirnoqqa olinadigan boʻlsa, ‘…’ (yakka) qoʻshtirnoqlardan foydalaniladi.

  • Misol: U shunday dedi: “Unga ‘salom’ deganimni ayting”.

Kirill oʻzbek yozuvi: Kirill alifbosidagi oʻzbek tilida asosiy (tashqi) qoʻshtirnoqlar sifatida «…» (fransuzcha yoki “dubl-shevron”) qoʻshtirnoqlaridan foydalaniladi. Agar ularning ichida qoʻshtirnoqlar kerak boʻlsa, „…“ (nemischa “dubl-sferik”) qoʻshtirnoqlari ishlatiladi.

  • Misol: У шундай деди: «Унга „салом“ деганимни айтинг».

Tire belgilari

Qisqa tire (En dash, –): Bu belgi asosan oraliqni, masofani yoki chegarani koʻrsatish uchun sonlar oʻrtasida ishlatiladi.

  • Misol: 2020–2025 yillar, 12:00–14:00, Toshkent–Samarqand.

Uzun tire (Em dash, —): Bu belgi fikrni, izohni yoki maʼnoni ajratib koʻrsatish uchun ishlatiladi. Gap ichida undan oldin va keyin boʻsh joy qoldirilmaydi.

  • Misol: Mening hayotim — bu kurash. Buni unga aytdim — lekin u eshitmadi.

Uzilmas boʻshliq (Non-breaking space)

Bu belgi satr uzilishining oldini olish uchun ishlatiladi. U, masalan, son bilan birlik ajralib qolmasligini taʼminlaydi.

Qoidalar:

  • Raqam va oʻlchov birligi oʻrtasida: 150 km/soat, 20 soat.

  • Raqam va valyuta belgisi oʻrtasida: 20 $.

  • Qisqartmalar bilan bogʻliq soʻzlarda, masalan, F. I. O..

Kiritish usullari

BelgiHTML kodWindows*MacOS
Tutuq belgisiʼ
“” (qoʻshtirnoqlar)“, ”Alt + 0147; Alt + 0148Option + [; Option + Shift + [
‘’ (birtirnoqlar)‘, ’Alt + 0145; Alt + 0146Option + ]; Option + Shift + ]
«» (Shevron)«, »Alt + 0171; Alt + 0187
„“ (nemischa qoʻshtirnoqlar)„, “
– (en dash)–Alt + 0150Option + - (defis)
— (em dash)—Alt + 0151Option + Shift + - (defis)
Uzilmas boʻshliq Alt + 0160Option + Boʻshliq
  • Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda raqamlar klaviaturasida (numpad) raqamlarni kiriting.