Keyboard shortcuts

Press or to navigate between chapters

Press S or / to search in the book

Press ? to show this help

Press Esc to hide this help

Tashkilot haqida

O‘zbek Mahalliylashtirish - O‘zbek internet segmentini mahalliylashtirishga qaratilgan hamjamiyat.

Maqsadimiz

Tarjimon boʻlmagan dasturchilar yoki havaskorlar ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Palonchi soʻz qanday tarjima qilinadi? Lugʻat va “Google translator” ishlatib koʻrsam notoʻgʻri tarjima qilyapti - deb internetda post yozayotganlar yoʻq emas. Bunday noqulaylikni va yolgʻizlikni bartaraf etish uchun notijorat Oʻzbek Mahalliylashtirish hamjamiyati tashkil topdi.

Jamoaga qoʻshilish

Barcha githubʼdagi kodlarmiz ochiq manbali boʻlib kimki oʻz hissasini qoʻshishga qiziqish bildirsa jamoaga taklif etishga tayyormiz.

Muloqot guruhimiz

Telegram guruhimizda fikr almashinish, Linuxʼning oʻzbekcha GNOME interfeysiʼdagi dasturlar aynan nega shunday tarjima qilinganini soʻrab oʻz taʼsiringizni oʻtkazishingiz mumkin.

Telegram guruhimiz: @uzbekl10n

Oʻzbek tili haqida

Oʻzbek lotin alifbosi zamonaviy qurilmalarda

Tutuq belgisi, oʻ va gʻ harflari

Saida Mirziyoyeva. Oʻzbekiston soʻzining yozilishi

Oʻzbek lotin alifbosi 1995-yildagi islohotlardan soʻng, oʻ va gʻ harflaridagi teskari vergul hamda tutuq belgisi uchun kompyuter tizimlarida qanday belgi ishlatilishi aniq belgilanmagan. Bu holat raqamli tizimlarda, xususan, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda katta chalkashliklarga sabab boʻlmoqda. Hozirda bir nechta belgilar aralash holda qoʻllanilmoqda, masalan:

BelgiUnicodeMisol
U+0027O’zbekiston , fe’l
`U+0060O`zbek tili, fe`l
U+2018O‘zbekiston
U+2019fe’l
ʻU+02BBOʻzbekiston
ʼU+02BCFeʼl

Bu standartning yoʻqligi bir qancha jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi:

  1. Matn qidirish qiyinlashadi. Qidiruv tizimlari va dasturlar soʻzlardagi turli apostrof belgilarini farqli belgilar deb hisoblaydi. Natijada, bir xil soʻz uchun har xil yozuvlar mavjud boʻlib, qidiruv natijalari toʻliq chiqmasligi mumkin. Masalan, “O’zbekiston” deb qidirgan foydalanuvchi “Oʻzbekiston” soʻzi bor maʼlumotni topa olmasligi mumkin.

  2. Apostrof soʻzni ikkiga boʻladi. Baʼzi dasturlar U+0027 apostrofini (standart klaviaturadagi ' belgisi) harf sifatida emas, balki soʻzlar orasidagi ajratuvchi belgi deb hisoblaydi. Bu matnni qayta ishlashda, masalan, soʻzlarni sanashda yoki tarjima qilishda muammolarni keltirib chiqaradi.

  3. Dasturchilar uchun ortiqcha ish. Dasturchilar matnni qayta ishlashda va uni toʻgʻri koʻrsatishda barcha variantlarni hisobga olishlari kerak boʻladi. Bu esa dasturlash jarayonini murakkablashtiradi va kodni koʻpaytiradi.

Yechim: Standartlashtirilgan Belgilarni Tanlash

Bu muammolarni bartaraf etish uchun, oʻzbek tili raqamli muhitini mahalliylashtirish hamjamiyati, standartlashtirish boʻyicha bir qator takliflarni ishlab chiqdi. Bu takliflarga koʻra, rasmiy va texnik jihatdan eng toʻgʻri hisoblangan belgilar qabul qilindi. Bu belgilar:

  • ʻ (U+02BB) — oʻ va gʻ harflaridagi teskari vergul uchun.

  • ʼ (U+02BC) — tutuq belgisi uchun.

Kiritish usullari

Afsuski, hozirda oʻzbek lotin alifbosi uchun standart klaviatura tuzilmasi mavjud emas. Shunga qaramay, yuqorida keltirilgan standart belgilarni bir qancha usullar orqali kiritish mumkin.

Mobil qurilmalar (Android)

GBoard klaviaturasi ushbu muammoni eng oson hal qiluvchi yechimlardan biridir. GBoard ichida oʻzbek lotin klaviaturasi oʻrnatilgan boʻlib, unda oʻ va gʻ harflari toʻgʻri belgilangan.

  • GBoard klaviaturasini oʻrnating.

  • Til sozlamalari orqali “Oʻzbekcha (Lotin)” klaviaturasini faollashtiring.

GBoard klaviaturasi skrinshoti

Windows va macOS

Windows va macOS operatsion tizimlarida oʻzbek tili uchun standart klaviatura mavjud emas. Shu sababli, bu muammoni hal qilish uchun Farhodjon Chinberdiev tomonidan maxsus dasturiy taʼminot yaratdi. Ushbu dasturni oʻrnatish orqali siz oʻzbek harflari (oʻ, gʻ), shuningdek, turk harflarini (Ö, Ğ, Ş, Ç, İ) terish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Lotin terilma

  • Tutuq belgisi: ` (gravis) tugmasini bosing.

  • Oʻ va Gʻ harflari: ' (apostrof) tugmasini bosing.

  • Turk harflari (Ö, Ğ, Ş, Ç, İ): Alt (Windows) yoki Option (macOS) tugmasini bosib turgan holda tegishli harflarni (o, g, s, c, i) bosing.

  • Em dash (—): Alt + - (Windows) yoki Option + - (macOS) tugmalarini bosing.

  • En dash (–): Alt + Shift + - (Windows) yoki Option + Shift + - (macOS) tugmalarini bosing.

  • Uzilmas boʻshliq (non-breaking space): Alt + Space (Windows) yoki Option + Space (macOS) tugmalarini bosing.

  • Qoʻshtirnoqlar (“ ”): Alt + K va Alt + L (Windows) yoki Option + K va Option + L (macOS) tugmalarini bosing.

  • Birtirnoqlar (‘ ’): Alt + Shift + K va Alt + Shift + L (Windows) yoki Option + Shift + K va Option + Shift + L tugmalarini bosing.

Windows uchun oʻrnatish uchun:

  1. Ushbu veb-saytga oʻting va Oʻrnatish boʻlimida uzbek-typography-layouts-windows.zip faylini yuklab oling.

  2. Arxivni ochganingizdan soʻng ikkita papka paydo boʻladi: uzbek-cyrillic-typography-layout-2.0 va uzbek-latin-typography-layout-2.0.

  3. Mos papkaga kirib setup.exe faylini ishga tushiring.

  4. Kompyuterni oʻchirib yoqish talab qilishi mumkin.

macOS uchun oʻrnatish uchun:

  1. Ushbu veb-saytga oʻting va Oʻrnatish boʻlimida uzbek-typography-layouts-macOS.dmg faylini yuklab oling.

  2. Yuklab olingan Uzbek Keyboard Layouts.dmg faylini oching.

  3. Uzbek Keyboard Layouts.bundle faylini Drag here to install nomli yorliqqa yuboring (faylni sudrab yorliq ustiga tashlang).

  4. System Preferences ichidan Keyboard → Input Sources ekraniga oʻting.

  5. + tugmasini bosib roʻyxatdan yangi terilmalarni qoʻshing (xuddi boshqa terilmalarni qoʻshgandek). Ushbu terilmalar roʻyxatda oʻzbek tili sifatida chiqadi.

Linux

Linux operatsion tizimlarida oʻzbek lotin klaviaturasi standart oʻrnatilmagan boʻlishi mumkin. Eng toʻgʻri va tizimga toʻliq integratsiya qilingan yechim bu—oʻzbek tili uchun maxsus ishlab chiqilgan, ʻOkina va Tutuq Belgisi kabi barcha zaruriy tipografik belgilarni qoʻllab-quvvatlaydigan terilmani oʻrnatishdir.

Linux uchun klaviatura terilmasini ushbu GitHub repozitoriyasida topishingiz mumkin:

Oʻrnatish usuli

  1. Repozitoriyani klonlang:
git clone https://github.com/itsbilolbek/uzbek-linux-keyboard.git
cd uzbek-linux-keyboard
  1. Oʻrnatish skriptini ishga tushiring:
chmod +x install.sh
sudo ./install.sh
  1. Terilmani faollashtirish: oʻrnatishdan soʻng tizimdan chiqib, qayta kiring (yoki kompyuterni qayta ishga tushiring). Tizim sozlamalari (Masalan, GNOME, KDE) orqali kiritish usullariga (input source) “Oʻzbekcha (Lotin)” terilmasini qoʻshing.

Havolalar

Ko’chma so’zni o’zlashtirish

Transliteratsiya nima?

Transliteratsiya — bu bir tildagi soʻzni boshqa til alifbosidagi tovushlarga moslab yozish. Bu jarayon soʻzning maʼnosini tarjima qilishdan koʻra, uning talaffuzini saqlab qolishga qaratilgan.

  • Masalan: computer -> kompyuter, Москва -> Moskva

Asosiy qoidalar

Quyidagi qoidalar tarjima va transliteratsiyaning asosini tashkil etadi:

  • Atoqli nomlar. Odatda atoqli nomlar tarjima qilinmaydi. Lotin alifbosida boʻlmagan nomlar (masalan, rus va boshqa tillardan kirib kelgan) oʻzbekcha talaffuzga moslab transliteratsiya qilinadi.
    • Misollar: Google, Microsoft
    • Istisno: Oʻzbek tilida anʼanaviy tarjimasi yoki muqobil nomi keng qoʻllaniladigan atoqli nomlar tarjima qilinadi. Masalan: Birlashgan millatlar tashkiloti, Ming-buloq.
  • Keng tarqalgan soʻzlar: Oʻzbek tilida keng qoʻllaniladigan, tushunarli va qisqa tarjimasi mavjud boʻlgan soʻzlar tarjima qilinadi.
    • Misollar: user (foydalanuvchi), password (parol), settings (sozlamalar)
  • Texnik va ilmiy atamalar:
    • Aniqlik va qisqalik: Agar soʻzning oʻzbekcha aniq tarjimasi boʻlmasa, yoki tarjimasi munozarali boʻlsa, transliteratsiya qoʻllaniladi. Bu ayniqsa, murakkab texnik va ilmiy atamalar uchun muhimdir, chunki notoʻgʻri tarjima chalkashliklarga olib kelishi mumkin.
    • Misollar: debug, server, router
    • Yangi atamalar: Agar yangi texnik atama birinchi marta tilga olinayotgan boʻlsa va uning transliteratsiyasi ham munozarali boʻlsa, asl soʻzni (masalan, ingliz tilida) kursiv yoki qoʻshtirnoq ichida berish tavsiya etiladi. Keyin esa, matn davomida u tushunarli boʻlib, standart qabul qilingan transliteratsiya shaklida yozilishi mumkin.
  • Qisqartmalar: Oʻzbek tilida tarjimasi mavjud boʻlgan qisqartmalarni kengaytmasida faqatgina birinchi harfi bosh harf bilan yoziladi.
    • Misollar: BMT - Birlashgan millatlar tashkiloti.

Kontekstga eʼtibor

Tarjima qilishda soʻzning maʼnosi bilan birga uning qoʻllanish konteksti ham muhim.

  • Rasmiy va norasmiy til: Agar tarjima rasmiy hujjatlar uchun boʻlsa, aniq va standart atamalardan foydalanish kerak. Agar matn blog yoki ijtimoiy tarmoqlar uchun boʻlsa, norasmiyroq va ommabop soʻzlardan foydalanish maqsadga muvofiq boʻlishi mumkin.

  • Maqsadli auditoriya: Tarjima kim uchun qilinayotganini hisobga olish juda muhim. Masalan, agar texnik matn dasturchilar uchun moʻljallangan boʻlsa, “API” kabi atamalarni transliteratsiya qilish tushunarli boʻladi. Ammo, xuddi shu soʻz oddiy foydalanuvchilar uchun boʻlsa, “dasturiy interfeys” kabi tushuntirish berish yoki toʻliq tarjima qilish yaxshiroq boʻlishi mumkin.

Lugʻat

Bizning mahalliylashtirish guruhimiz, eng koʻp qoʻllaniladigan soʻzlar va ularning oʻzbekcha tarjimalaridan iborat maxsus lugʻatni yuritib boradi. Bu lugʻat doimiy ravishda yangilanadi. Agar sizda lugʻatga kiritish uchun yangi soʻzlar yoki mavjud tarjimalarni yaxshilash boʻyicha takliflar boʻlsa, marhamat, bemalol xabar bering.

Tavsiyalar

  • Qiyinchilikda yechim: Tarjima qilish qiyin boʻlsa, gap tuzilishini oʻzgartirish, gapni bir nechta qismga boʻlish yoki qoʻshimcha tushuntirishlar berish yaxshi samara beradi. Maqsad – matnning oʻquvchi uchun tushunarli boʻlishi.
  • Izchillik: Bir loyiha ichida bir xil soʻz uchun faqat bitta usul (tarjima yoki transliteratsiya) qoʻllanilishi kerak. Masalan, “cloud” soʻzi uchun “bulut” tarjimasi tanlansa, loyiha davomida faqat shu atamadan foydalanish lozim.
  • Muhokama: Agar biron bir soʻzni qanday tarjima qilish yoki transliteratsiya qilish boʻyicha shubha tugʻilsa, jamoa ichida muhokama qilish doim eng yaxshi yechimdir. Ushbu muhokamalar doirasida qabul qilingan qarorlar hujjatlashtirib borilishi, kelajakda izchillikni taʼminlashga yordam beradi.
  • Manbalardan foydalanish: Til lugʻatlari va leksik manbalar (masalan, Oʻzbek tili izohli lugʻati) hamda mavjud terminologiya bazalari (agar bor boʻlsa) doimiy ravishda foydalanish uchun qoʻl ostida turishi kerak. Shuningdek, transliteratsiya qoidalari uchun rasmiy manbalarga (masalan, davlat organlari tomonidan qabul qilingan standartlar) tayanish tavsiya etiladi.

Havolalar

Tinish belgilari haqida

Quyidagi qoidalar Unicode yordamida matn terishda tinish belgilaridan toʻgʻri foydalanishga qaratilgan.

Qoʻshtirnoqlar

Ingliz tilida raqamli muhitda standart klaviaturadagi “ (qoʻshtirnoq) va ’ (yakka tirnoq) belgilaridan foydalanish odatiy hol. Oʻzbek tilida esa, imlo qoidalari boshqacha boʻlib, matbuot va rasmiy hujjatlarda quyidagi qoʻshtirnoqlardan foydalaniladi.

Lotin oʻzbek yozuvi: Lotin alifbosidagi oʻzbek tilida “…” (inglizcha “dubl-sferik” qoʻshtirnoqlar) asosiy (tashqi) qoʻshtirnoqlar hisoblanadi. Matn ichida, yaʼni qoʻshtirnoqlar ichida boshqa bir soʻz yoki gap qoʻshtirnoqqa olinadigan boʻlsa, ‘…’ (yakka) qoʻshtirnoqlardan foydalaniladi.

  • Misol: U shunday dedi: “Unga ‘salom’ deganimni ayting”.

Kiritish usullari

Tashqi: “…”

  • HTML kodlari: “ (ochish) va ” (yopish)
  • Unicode kodlari: “ (ochish) va ” (yopish)
  • Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0147 (ochish) yoki 0148 (yopish) tering.
  • macOSʼda kiritish uchun Option + [ (ochish) yoki Option + Shift + [ (yopish) tugmalarini bosing.

Ichki: ‘…’

  • HTML kodlari: ‘ (ochish) va ’ (yopish)
  • Unicode kodlari: ‘ (ochish) va ’ (yopish)
  • Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0145 (ochish) yoki 0146 (yopish) tering.
  • macOSʼda kiritish uchun Option + ] (ochish) yoki Option + Shift + ] (yopish) tugmalarini bosing.

Kirill oʻzbek yozuvi: Kirill alifbosidagi oʻzbek tilida asosiy (tashqi) qoʻshtirnoqlar sifatida «…» (fransuzcha yoki “dubl-shevron”) qoʻshtirnoqlaridan foydalaniladi. Agar ularning ichida qoʻshtirnoqlar kerak boʻlsa, „…“ (nemischa “dubl-sferik”) qoʻshtirnoqlari ishlatiladi.

  • Misol: У шундай деди: «Унга „салом“ деганимни айтинг».

Kiritish usullari

Tashqi: «…»

  • HTML kodlari: « (ochish) va » (yopish)
  • Unicode kodlari: « (ochish) va » (yopish)
  • Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0171 (ochish) yoki 0187 (yopish) tering.

Ichki: „…“

  • HTML kodlari: yoʻq
  • Unicode kodlari: „ (ochish) va “ (yopish)

Tire belgilari

Qisqa tire (En dash, –): Bu belgi asosan oraliqni, masofani yoki chegarani koʻrsatish uchun sonlar oʻrtasida ishlatiladi.

  • Misol: 2020–2025 yillar, 12:00–14:00, Toshkent–Samarqand.

HTML kodi: –
Unicode kodi: –

Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0150 ni tering. macOSʼda kiritish uchun Option + - (defis) tugmalarini bosing.


Uzun tire (Em dash, —): Bu belgi fikrni, izohni yoki maʼnoni ajratib koʻrsatish uchun ishlatiladi. Gap ichida undan oldin va keyin boʻsh joy qoldirilmaydi.

  • Misol: Mening hayotim — bu kurash. Buni unga aytdim — lekin u eshitmadi.

HTML kodi: —
Unicode kodi: —

Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0151 ni tering. macOSʼda kiritish uchun Option + Shift + - (defis) tugmalarini bosing.

Uzilmas boʻshliq (Non-breaking space)

Bu belgi satr uzilishining oldini olish uchun ishlatiladi. U, masalan, son bilan birlik ajralib qolmasligini taʼminlaydi.

Qoidalar:

  • Raqam va oʻlchov birligi oʻrtasida: 150 km/soat, 20 soat.

  • Raqam va valyuta belgisi oʻrtasida: 20 $.

  • Qisqartmalar bilan bogʻliq soʻzlarda, masalan, F. I. O..

HTML kodi:  
Unicode kodi:  

Windowsʼda kiritish uchun Alt tugmasini bosib turgan holda, raqamlar klaviaturasida 0160 ni tering. macOSʼda kiritish uchun Option + Space tugmalarini bosing.

Sana va vaqt formatlari

Ushbu boʻlimda Oʻzbekistonda sana va vaqtni formatlash boʻyicha standartlar haqida maʼlumotlar berilgan.

Sana

Oʻzbekistonda sana formatlari uchun quyidagi qoidalar amal qiladi:

  • Kalendar/Era: Grigorian kalendaridan foydalaniladi.

  • Haftaning birinchi kuni: Dushanba hisoblanadi.

  • Yilning birinchi haftasi: Yanvar oyining birinchi kunini oʻz ichiga olgan hafta yilning birinchi haftasi deb belgilanadi.

Standart sana formatlari

  • Qisqa sana formati: dd.MM.yyyy

    • Misol: 17.03.2011
  • Uzun sana formati: yyyy-yil d-MMMM

    • Misol: 2011-yil 3-mart

Format kodlaridagi belgilar

  • d — kunni ifodalaydi: d (bosh nolsiz raqam), dd (bosh nol bilan raqam), ddd (qisqa kun nomi), dddd (toʻliq kun nomi).

  • M — oyni ifodalaydi: M (bosh nolsiz raqam), MM (bosh nol bilan raqam), MMM (qisqa oy nomi), MMMM (toʻliq oy nomi).

  • y — yilni ifodalaydi: yy (ikki xonali raqam) va yyyy (toʻrt xonali raqam).

Hafta kunlari

Kun (toʻliq shakli)Qisqartma
DushanbaDu
SeshanbaSe
ChorshanbaCh
PayshanbaPa
JumaJu
ShanbaSh
YakshanbaYa

Oy nomlari

Oy (toʻliq shakli)Qisqartma
YanvarYan
FevralFev
MartMar
AprelApr
MayMay
IyunIyn
IyulIyl
AvgustAvg
SentyabrSen
OktyabrOkt
NoyabrNoy
DekabrDek

Hafta kuni va oy nomlari

  • Hafta kun nomlari kalendarda va alohida ishlatilganda bosh harf bilan yoziladi. Agar ular gapning oʻrtasida kelsa, ular bosh harf bilan yozilmaydi.

  • Oy nomlari ham kalendarda va alohida ishlatilganda bosh harf bilan yoziladi. Agar ular gapning oʻrtasida kelsa, ular bosh harf bilan yozilmaydi.

Qoʻshimcha qoidalar

  • Sana oraliqlar en dash bilan yoziladi.

    • Misol: 13 yanvar - 15 yanvar

Vaqt

  • 24 soatlik format: Ha.

  • Vaqt zonasi: UZT UTC+05:00

  • Yozgi vaqtga oʻtish (daylight saving time): qoʻllanilmaydi.

  • Standart vaqt formati: HH:mm:ss.

    • Misol: 09:25:43; 15:10:31; 23:45:19
  • Vaqt ajratuvchi: Ikki nuqta (:).

    • Misol: 22:34:05
  • Soatlar uchun bosh nol belgisi mavjudmi?: Ha.

    • Misol: 07:30:45
  • Qisqa vaqt formati: HH:mm.

    • Misol: 09:25; 15:10; 23:45
  • Sana va vaqt formati: dd.MM.yyyy HH:mm:ss

    • Misol: 20.04.2015 16:30:00

ISO 8601 standarti

ISO 8601 — xalqaro standart boʻlib, sana va vaqt maʼlumotlarini yozishning universal usulini belgilaydi. Ushbu standartdan foydalanish maʼlumotlarni almashishda va tizimlararo aloqada (masalan, API, veb-serverlar va maʼlumotlar bazalari) chalkashliklarning oldini oladi.

Uning asosiy formati YYYY-MM-DD dir.

Nima uchun foydalanish kerak?

Aniq va tushunarli: Baʼzi mamlakatlarda sana MM/DD/YYYY (oy/kun/yil) formatida, baʼzilarida esa DD/MM/YYYY (kun/oy/yil) formatida yoziladi. Bu holat tushunmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin. ISO 8601 esa har doim yil-oy-kun tartibida boʻlgani uchun global miqyosda bir xil tushuniladi.

Saralash oson: Maʼlumotlar bazalarida sanalarni alifbo tartibida saralash (alphabetical sorting) orqali toʻgʻri xronologik tartibga keltirish imkonini beradi. Boshqa formatlarda bu ish bermaydi.

Misol:

  • Standard format: 2025-10-07

  • Vaqt bilan birga: 2025-10-07T14:55:17 (Bu yerda T belgisi vaqtni sanadan ajratadi)

Qachon foydalanish kerak?

Foydalanuvchi interfeysida asosan mahalliy format (dd.MM.yyyy) ishlatilishi kerak boʻlsa-da, tizimlararo maʼlumotlar almashinuvi, log fayllari, API chaqiriqlari va konfiguratsiya fayllarida doimo ISO 8601 formatidan foydalanish tavsiya etiladi.

Raqamlar

Bu boʻlimda raqamlarni Oʻzbek tilida qanday yozish, ajratish va ulardan qanday foydalanish boʻyicha qoidalar keltirilgan.

Kasr va minglik ajratgichlar

Oʻzbek tilida raqamlarni yozishda oʻnlik (kasr) ajratgich va minglik ajratgichlar ishlatiladi.

  • Oʻnlik ajratgich: Vergul (,) ishlatiladi.

    • Misollar:

      • 15,45 soniya qoldi
      • 250,55 soʻm toʻlash kerak
  • Minglik ajratgich: Uzilmas boʻsh joy (non-breaking space) ishlatiladi.

    • Misol: 14 400

Istisnolar

Ayrim hollarda nuqta (.) ajratgich sifatida ishlatilishi mumkin, ayniqsa versiya raqamlarida.

  • Misol: Python 3.12.

Pul birliklari

Pul birliklarini yozishda raqam bilan soʻm yoki tiyin soʻzi orasida uzilmas boʻsh joy (non-breaking space) ishlatiladi.

  • Misol: 1 256 700,00 soʻm.

Telefon raqamlari

Oʻzbekistonda telefon raqamlarini yozishda turli formatlardan foydalaniladi.

  • Xalqaro format: +998 (90) 123-45-67. Bunda 998 mamlakat kodi, 90 uyali aloqa kodi va qolgan raqamlar.

  • Mahalliy format: (71) 123-45-67. Bunda 71 shahar kodi.

Uslub va ohang

Bu boʻlim mahalliylashtirilgan kontentda izchil va mos uslub va ohang boʻyicha tavsiyalar beradi. Maqsad, yakuniy mahsulotning oʻzbekcha foydalanuvchiga tabiiy eshitilishini taʼminlash, shu bilan birga asl xabar mazmunini yetkazishdir.

Auditoriya

Ohang va uslubni auditoriyaga moslashtirish kerak. Masalan, yangi foydalanuvchilar uchun ohang toʻgʻridan-toʻgʻri va doʻstona boʻlishi kerak, AT mutaxassislari uchun esa rasmiyroq ohang qoʻllanilishi lozim.

Ohang

Oʻzbekcha tarjimaning ohangi asl mahsulotning ohangiga oʻxshashi, shu bilan birga hurmatli boʻlishi kerak. Muayyan dialektga xos boʻlgan soʻzlarni ishlatishdan cheklanish kerak. Umuman olganda, mahalliylashtirilgan matn oʻzbek tilida dastlab yozilgandek tuyulishi kerak. Soʻzma-soʻz tarjima qilishdan qoching. Lokalizatsiya ohangi aniq, tushunarli, xolis va foydalanuvchiga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.

Murojaat uslubi

Foydalanuvchiga murojaat qilishda “Siz” olmoshidan foydalaning. Agar “Siz” olmoshi feʼlning shaxsiy qoʻshimchalari bilan ifodalangan boʻlsa, uni yozmaslik kerak.

  • Notoʻgʻri: Siz tugmachani bosing

  • Toʻgʻri: Tugmachani bosing

Baʼzi holatlarda passiv ovozdan foydalanish yoki jumlani kontekstga mos ravishda qayta ifodalash yaxshiroq boʻlishi mumkin.

Misol:

  • Inglizcha: You are now connected to the Internet.

  • Oʻzbekcha: Siz hozir Internet tarmogʻiga ulangansiz.

Feʼllar va Harakat shakli

Oʻzbek tilini mahalliylashtirishda ingliz tilidagi buyruq feʼllari (imperative) koʻpincha feʼlning harakat shakliga tarjima qilinadi. Bu shuni anglatadiki, “Open a file” kabi buyruq Oʻzbek tilida “Faylni ochish“ga aylanadi. Bu uslub odatda dastur interfeysi elementlarida, masalan, menyu va tugma nomlarida qoʻllaniladi.

Misollar:

InglizchaOʻzbekcha
Save changesOʻzgartirishlarni saqlash
Print documentHujjatni chop etish
Connect to the networkTarmoqqa ulanish